Juma, 27-noyabr 2026-yil
Asosiy yangiliklar.
Sport

Shaxmat toji uchun bahsda Sindorov va Gukesh yana gʻolibni aniqlay olmadi

Javohir Sindorov va jahon chempioni Dommaraju Gukesh shaxmat toji uchun bahsning uchinchi partiyasini durang bilan yakunladi. 60 yurishdan soʻng hisob 1,5:1,5 boʻldi.

27-noyabr, 12:50По-русски

Read in English

Jenevada oʻtgan partiya qariyb besh soat davom etdi. Qora donalarda oʻynagan Gukesh debyutdayoq tashabbusni qoʻlga oldi va tayyorgarligi tufayli Sindorovning yurishlariga tezkor javob qaytardi. 15 yurishdan soʻng hindistonlik shaxmatchi ikki daqiqadan sal koʻproq vaqt sarflagan boʻlsa, oʻzbekistonlik grossmeyster ancha koʻproq vaqt ishlatdi.

Birinchi vaqt nazoratiga yaqinlashganda Sindorov jiddiy bosim ostida qoldi. 39-yurishga kelib, uning ixtiyorida atigi sakkiz soniya qolgan edi, biroq u Bb4 yurishini topishga ulgurib, bevosita tahdiddan qutuldi. Qoʻshimcha vaqt berilgach, oʻzbekistonlik shaxmatchi pozitsiyani barqarorlashtirdi va raqibining hujum imkoniyatlarini chekladi.

Ruhlar almashilgach, taxtada turli rangdagi fillar qoldi va bu gʻalaba imkoniyatlarini kamaytirdi. Gukesh kuchaytirish imkoniyatlarini izlashda davom etdi, ammo Sindorov muvozanatni saqlab qoldi. Yurishlar qirol bilan takrorlangach, raqiblar durangga kelishib oldi.

Keyingi partiya 28-noyabr kuni boʻlib oʻtadi. Unda Gukesh oq donalarda oʻynaydi. Bahs 14 partiyaga moʻljallangan; agar asosiy bosqich yakunida hisob teng boʻlib qolsa, chempion tay-breykda aniqlanadi.