Oʻzbekiston issiqxona xoʻjaliklari koʻmir importini soddalashtirishni taklif qildi
Issiqxonalar egasi Xurshid Ahmedov xoʻjaliklarga koʻmirni mustaqil ravishda olib kirishga ruxsat berishni taklif qildi. Uning aytishicha, bu isitish xarajatlarini kamaytirib, eksportni qoʻllab-quvvatlaydi.

16-noyabr kuni Savdo-sanoat palatasida tadbirkorlar davlat organlari vakillari bilan uchrashuvida Ahmedov yoqilgʻini issiqxona xoʻjaliklari uchun asosiy muammo deb atadi. Uning baholashicha, Qozogʻistondan olib kelinadigan «Shubarkul» markali koʻmir bojxonada bir tonnasi uchun 40 dollar turadi, biroq ishlab chiqaruvchilarga yetib borguncha uning narxi 110 dollarga chiqadi.
Tadbirkor xoʻjaliklar uchun issiqxonalar maydoniga qarab alohida import limitlarini belgilashni taklif qildi. Misol tariqasida u maydoni 2 gektar boʻlgan korxonani keltirib, unga 200 tonnagacha koʻmir olib kirishga ruxsat berish mumkinligini aytdi. Buning shartlari xoʻjalikning rasmiy roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi, eksport boʻyicha hisobot taqdim etishi va yoqilgʻi uchun eksport yetkazib berishlaridan olingan valyuta tushumi hisobidan toʻlov qilishi boʻlishi kerak.
Ahmedov koʻmirni tushirish va saqlash bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar, qishda temiryoʻl vagonlari yetishmasligi hamda Qirgʻiziston orqali avtomobil tashuvlariga qoʻyilgan cheklovlarga ham eʼtibor qaratdi. 2026-yil 1-dekabrdan Toshkentdagi va viloyatning besh tumanidagi issiqxonalar ruxsat etilgan isitish turlariga oʻtishi kerak. Koʻmirdan faqat ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasi, samarali filtrlar va chiqindilarni monitoring qilish tizimlari mavjud boʻlganda, shuningdek, chiqindilarni yigʻish va utilizatsiya qilish talablariga rioya etilgandagina foydalanishga ruxsat beriladi.
Yana oʻqing

Jahon banki Oʻzbekistondagi islohotlar uchun $800 mlnlik paketni maʼqulladi
Iqtisodiyot26-noyabr, 18:08
Turkmaniston TAPIning Hirotgacha boʻlgan qismini 2027 yil boshida ishga tushirmoqchi
Iqtisodiyot26-noyabr, 18:04