Juma, 27-noyabr 2026-yil
Asosiy yangiliklar.
Texnologiyalar

«Uchta tashxis variantini taklif qiladi»: vazir AIʼdan shifokorlar foydalanishi haqida

DMedʼda 2026 yilning ikkinchi choragidan AI Top3 ishlamoqda: sunʼiy intellekt shifokorga tashxisning uch variantini taklif qiladi. Bu haqda vazir Eldor Adilov maʼlum qildi.

26-noyabr, 15:39По-русски

Read in English

gov.uz

Platforma milliy klinik protokollarga tayanadi va 6 mingdan ortiq holatni oʻrgangan. Adilovning aytishicha, anamnez yigʻish va bemor maʼlumotlarini kiritish paytida u shifokor uchun variantlar tayyorlaydi, uning qarorini almashtirmaydi.

DMedʼda insultni aniqlash uchun AI Stroke, koʻkrak bezi saratonini erta aniqlash uchun esa AI Mammo ham qoʻllanadi. Birinchi tizim MSKT tasvirlarini tahlil qilib, miya tomirlaridagi, vazir taʼkidlaganidek, inson koʻzi bilan koʻrib boʻlmaydigan shikastlanishlarni topadi. AI Mammo 54 mingdan ortiq tekshiruv natijasini qayta ishlagan.

AI Med-STT texnologiyasi shifokor va bemor suhbatini matnga aylantiradi. U Toshkent shahri Yunusobod tumani koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida sinovdan oʻtkazilgan; aniqligi 90 foizdan yuqori. Tizimga hududiy shevalar va slengni tanish hali ham oʻrgatilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi 2026 yil oxirigacha koʻkrak qafasi tasvirlari, EKG, koʻz toʻr pardasi, zamburugʻli kasalliklar va sitologik tahlillarni tahlil qilish, shuningdek, kerakli mutaxassisni tanlash uchun AI tizimlarini toʻliq ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Adilov AI maslahatlarini har doim ham toʻgʻri deb boʻlmasligini taʼkidlab, qaror qabul qilishda texnologiyadan keng foydalanish kerakligini aytdi.