Nukusda Telegram orqali qariyb 1 mlrd soʻmlik mablagʻ oʻgʻirlangani aniqlandi
Nukusda huquqni muhofaza qiluvchi organlar Telegramʼdagi zararli APK-fayllar orqali bank kartalaridan qariyb 1 mlrd soʻmni ehtimoliy oʻgʻirlash holatini tergov qilmoqda. Gumondor qoʻlga olindi.

Oʻzbekiston IIV Kiberpolitsiyasi maʼlumotlariga koʻra, gumondorlar Telegram orqali APK-fayllarni tarqatib, gumon qilinishicha, fuqarolarning bank kartalaridagi pullarni oʻgʻirlagan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, noqonuniy oʻzlashtirilgan mablagʻlar summasi 1 mlrd soʻmga yaqinlashgan.
Sxema ishtirokchilari pullarni naqdlashtirish uchun qimmat smartfonlar sotib olib, ularni qayta sotgan. Mablagʻlarning bir qismini nomaʼlum shaxslarning onlayn mikrozayomlarini toʻlashga yoʻnaltirgan, qolganini esa bukmekerlik akkauntlariga oʻtkazgan. Fosh boʻlib qolmaslik uchun gumondorlar ijaraga olingan mobil telefonlarni muntazam almashtirib turgan.
Tekshiruv vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar yozishmalarda 162 ta bank kartasi haqidagi maʼlumotlarni aniqlagan. Shuningdek, uchta mobil qurilma va beshta bank kartasi olib qoʻyilgan.
Telegramʼdagi yopiq guruhlarda «Sanjik» taxallusi bilan tanilgan erkak qoʻlga olindi. Sud gumondor D.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanladi. Dastlabki tergov davom etmoqda.


