«Voyager-1» Yerga tegishli apparatlar orasida bir yorugʻlik kuni masofasiga birinchi boʻlib yetib bordi
NASA hisob-kitoblariga koʻra, 18 noyabr kuni «Voyager-1» Yerdan taxminan 25,9 mlrd kilometr uzoqlashdi — bu masofani radiotoʻlqin 24 soatda bosib oʻtadi.

Apparat Toshkent vaqti bilan soat 15:16 da ushbu marraga yetdi. Insoniyat yaratgan boshqa hech bir obyekt ilgari Yerdan buncha uzoqlikka bormagan. Taqqoslash uchun, Quyoshdan Yerga yorugʻlik taxminan sakkiz daqiqa-yu 20 soniyada yetib keladi.
Bunday masofa aloqa kechikishini ham belgilaydi. Yerdan yuborilgan buyruq zondga taxminan bir sutkada yetib boradi, javob signali uchun ham shuncha vaqt kerak boʻladi. Shu sababli muhandislar yuborilgan koʻrsatma natijasini taxminan ikki sutkadan keyin bilib oladilar.
«Voyager-1» 1977 yilda uchirilgan. Oradan qariyb yarim asr oʻtganiga qaramay, u radioaloqa kanali orqali maʼlumot uzatib, ilmiy ishlarini davom ettirmoqda. Uning kameralari 1990 yilda soʻnggi suratlar turkumidan keyin oʻchirib qoʻyilgan. Bu suratlar orasida Yerning «Kuchsiz moviy nuqta» nomi bilan mashhur fotosurati ham bor edi.
Dasturdagi ikkinchi apparat — «Voyager-2» uchirilganidan keyin boshqa trayektoriya boʻylab yoʻl olib, Uran va Neptunni tadqiq qilgan. NASA bahosiga koʻra, u Yerdan bir yorugʻlik kuni masofasiga 2035 yil noyabrida yetib boradi.


