Neuralink BAS bilan ogʻrigan bemorlarda neyroimplantni muhim sinovdan oʻtkazish uchun FDA ruxsatini oldi
Neuralink kompaniyasi LINK nomli muhim klinik tadqiqotni oʻtkazish uchun FDA ruxsatini oldi. Unda neyroimplantning xavfsizligi hamda yon amiotrofik skleroz tufayli yuzaga kelgan ogʻir falajlikka chalingan odamlarga miya signallari yordamida raqamli qurilmalarni boshqarishda koʻmaklashish qobiliyati tekshiriladi.

Neuralink kompaniyasi AQSh Oziq-ovqat va dori vositalari sifati nazorati boshqarmasi (FDA) ruxsat bergani haqida 25 noyabr kuni maʼlum qildi. Neuralink LINKʼni AQShda implantatsiya qilinadigan “miya — kompyuter” interfeysi uchun bunday turdagi ilk tadqiqot deb atamoqda. “Pivotal” maqomi sinov texnologiyani keyinchalik tartibga soluvchi organlar tomonidan baholash uchun muhim maʼlumotlar taqdim etishi kerakligini anglatadi. Olingan ruxsat tadqiqotni oʻtkazishga imkon beradi, biroq qurilmaga tijoriy sotuv uchun ruxsat berilganini anglatmaydi.
Tadqiqot ishtirokchilari yon amiotrofik skleroz, yaʼni BAS bilan ogʻrigan bemorlar boʻladi. Bu ixtiyoriy harakatlar uchun masʼul nerv hujayralarini zararlaydigan, rivojlanib boruvchi neyrodegenerativ kasallikdir. Kasallik kuchaygani sari odam harakatlanish va gapirish qobiliyatidan mahrum boʻlishi mumkin. Neyrointerfeysning maqsadi kasallikning oʻzini davolash emas, balki muloqot qilish va qurilmalarni boshqarish imkoniyatini tiklashdir.
Neuralink tizimida bosh suyagiga jarrohlik yoʻli bilan oʻrnatiladigan N1 implantidan foydalaniladi. R1 roboti miyaga harakat qilish niyati bilan bogʻliq neyron faolligini qayd etadigan ingichka, egiluvchan elektrodlarni kiritadi. Dasturiy taʼminot bu signallarni kompyuter yoki boshqa raqamli qurilma uchun buyruqlarga aylantiradi. Bunday yondashuv klaviatura, sichqoncha va boshqa jismoniy boshqaruv vositalarisiz ishlash imkonini beradi.
Tadqiqotchilar texnologiya ishtirokchilarga kundalik vazifalarni bajarish va mustaqilroq boʻlishda qay darajada yordam berishini baholaydi. Tizimning uzoq muddatli xavfsizligi va ishonchliligiga alohida eʼtibor qaratiladi. Sinovni bir nechta klinik markazda oʻtkazish rejalashtirilgan.
Yangi ish Neuralinkʼning dastlabki tadqiqotlarini davom ettiradi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, AQSh, Kanada va Buyuk Britaniyada 30 nafardan ortiq ishtirokchiga implant oʻrnatilgan. Ular neyrointerfeysdan real sharoitlarda foydalanish boʻyicha minglab soatlik tajriba toʻplagan.
Avval taqdim etilgan BAS bilan ogʻrigan ishtirokchilardan biri Bredford Smit boʻlgan. Oʻtgan yili Neuralink uning muloqot qilish uchun miya signallaridan qanday foydalanayotganini koʻrsatdi. Bunday alohida natijalar tizim imkoniyatlarini namoyish etadi, biroq kengroq koʻlamdagi sinov taʼsirning barqarorligi va implantatsiya bilan bogʻliq xavflarni baholashga yordam berishi kerak.


